Mazkur maqolada tarix darslarida o‘quvchilar bilimini tezkor va xolis baholashda raqamli baholash vositalaridan foydalanishning pedagogik imkoniyatlari yoritilgan. Xususan, Plickers platformasining ishlash mexanizmi, undan tarix fanini o‘qitishda foydalanish metodikasi, afzalliklari va ayrim cheklovlari tahlil qilingan. Tadqiqotda pedagogik kuzatuv, ilmiy-metodik adabiyotlarni tahlil qilish, taqqoslash va namunaviy dars vaziyatini modellashtirish usullaridan foydalanildi. “Amir Temur davlati”, “Birinchi jahon urushi”, “Ikkinchi jahon urushi” hamda “O‘rta asrlarda Yevropa” mavzulari misolida Plickers yordamida formatif baholashni tashkil etish bosqichlari ishlab chiqildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, platforma o‘quvchilarning darsdagi faolligini oshirish, mavzuni o‘zlashtirish darajasini real vaqt rejimida aniqlash, individual natijalarni saqlash va o‘qituvchining keyingi pedagogik qarorlarini asoslash imkonini beradi. Plickers o‘quvchilardan alohida mobil qurilma talab qilmasligi sababli texnik imkoniyatlari cheklangan sinflarda ham foydalanish mumkin bo‘lgan qulay raqamli baholash vositasi hisoblanadi.